O‘zbekiston kubogining B guruhida kurash olib borayotgan Dinamo hozirga qadar ikki uchrashuvda maydonga tushib ulgurdi. 10-may kuni Samarqand klubi o‘z maydonida Proliga vakili Gʻazalkent (2:3) bilan to‘qnash kelgan bo‘lsa, 15-may kuni Toshkentda Lokomotiv (2:2) klubiga qarshi to‘p surdi.
Har ikki uchrashuv yakunida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Dinamo yordamchi murabbiyi Marat Miftaxutdinov ishtirok etdi. Bosh murabbiy Vadim Abramov esa musobaqa reglamentiga zid ravishda unda qatnashmadi.
OAV bilan muloqotga ochiq mutaxassis sifatida Vadim Abramovning mavsum davomida ilk bor matbuot anjumanida ishtirok etmagani Liga tomonidan vazminlik bilan qabul qilindi. Biroq murabbiyning ketma-ket ikkinchi bor bunday holatga yo‘l qo‘yishi reglament talablariga nisbatan hurmatsizlik sifatida talqin qilinadi. Shundan kelib chiqib, mazkur masala Liga Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
Liga tomonidan taqdim etilgan litsenziya bilan uchrashuvda bevosita ishtirok etayotgan har qanday rasmiy shaxs musobaqa nizomlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi shartligini eslatib o‘tamiz.
