U-17 Osiyo kubogi start oldi.

O‘zbekiston terma jamoasi haqida ma’lumotlar
U-17 Osiyo kubogi
Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi musobaqasi start oldi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi dastlabki turda KXDRga qarshi bahs olib borishi rejalashtirilgandi. Biroq raqib jamoa turnirda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘lgach, vakillarimiz ilk uchrashuvini 10-may kuni Hindistonga qarshi o‘tkazadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston — Hindiston
U-17 Osiyo kubogi tarixida O‘zbekiston va Hindiston avval ham o‘zaro to‘qnash kelgan. Xususan, 2023-yilda Jamoliddin Rahmatullayev boshqaruvidagi 2006–2007-yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat jamoamiz guruh bosqichida hindlarga qarshi maydonga tushgan va Muhammedali Reimov tomonidan kiritilgan gol evaziga g‘alaba qozongandi.

O‘zbekiston 1:0 Hindiston
Gol: Muhammedali Reimov (81′)

Uchrashuvning аhаmiyati
Musobaqadaning 1-tur uchrashuvida guruhimizning ikki jamoasi — Avstraliya va Hindiston o‘zaro bahs olib bordi. Unda avstraliyaliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Ma’lumki, Osiyo kubogida guruh bosqichida 1 va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritadi. Shu sababli, vakillarimiz 10-may kuni Hindiston ustidan g‘alaba qozonish orqali Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial ishtirokchisiga aylanishlari mumkin. Guruhdagi peshqadamlik masalasi esa 13-may kuni Avstraliyaga qarshi bahsda hal bo‘lishi kutilmoqda.

Musobaqaga tayyorgarlik
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi musobaqaga amaldagi chempion sifatida yetib kelmoqda. Bir yil avval Islom Ismoilov boshqaruvidagi jamoamiz tarix yozib, turnir g‘olibligini qo‘lga kiritgandi. O‘sha tarkibda bo‘lgan 2009-yilda tug‘ilgan futbolchilar — Muhammad Hakimov va Asilbek Aliyev bu safar Sergey Chigodayev boshqaruvidagi terma jamoamiz safida musobaqada ishtirok etishadi.